O‘zbekiston Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishini osonlashtirishga qaratilgan bitim imzolandi. Birinchi kredit shartnomasi qiymati 150 mln yevroni tashkil qiladi.
O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida Navoiy va Qashqadaryoda suv ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish hamda chorvachilik tarmog‘iga iqlimiy investitsiyalarni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni amalga oshirishga qaratilgan ikkita bitim imzolandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatining Karmana, Qashqadaryoning Shahrisabz shahri va Kitob tumanida markaziy oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha olti yillik loyihalar boshlanadi. Ularning umumiy qiymati 119 mln yevroni tashkil etadi, shundan 105 mln yevrosi Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan kredit shaklida taqdim etilgan.
Fransiya taraqqiyot agentligi 2022−2026 yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida 100 mln yevro qarz ajratadi. Loyihaning umumiy qiymati 147,7 mln yevro bo‘lib, u dastlab Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida, keyinchalik qolgan hududlarda amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting